O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati matbuot markazi xabariga ko‘ra, Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Tojikistondan O‘zbekiston hududi orqali Rossiya Federatsiyasiga yirik miqdorda narkotik vositalarini olib o‘tish bo‘yicha navbatdagi urinishga chek qo‘yildi. Bu haqda “Uz24.uz” xabar bermoqda.
Jumladan, tezkor ma’lumotni tekshirish natijasida Qozog‘iston bilan chegaradosh bo‘lgan Toshkent viloyati hududidagi to‘xtash maskanlaridan birida Qozog‘iston orqali Rossiyaga o‘tishi kerak bo‘lgan Mercedes rusumli yuk mashinasi tekshiruvdan o‘tkazildi.
Yakuniy manzili Boshqirdiston Respublikasining Ufa shahri bo‘lgan yuk mashinasi tekshiruvdan o‘tkazilgan chog‘da avtomobilning benzin bakiga o‘rnatilgan “maxfiy joy”dan umumiy og‘irligi 50 kilogramm bo‘lgan 50 qadoq geroin topildi.
Ekspertlarning fikricha, “halokatli yuk” Rossiyadagi iste’molchilarga muvaffaqiyatli tarzda yetkazib berilganda u deyarli 500 mingta bir martalik giyohvandlik dozasini tayyorlashga yetarli bo‘lar edi.
Qo‘lga olingan yuk mashinasi haydovchilaridan birining aytishicha, ushbu “halokatli yukning” egasi uning tanishi, Tojikiston fuqarosi To‘lqinhoji bo‘lib, u avval ham narkotik vositalarni Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan O‘zbekistonning Bekobod tumaniga olib o‘tgan ekan. Tojikistonlik og‘ufurushlar haydovchiga “yuk” Ufaga yetib borgach 70 ming dollar to‘lashga va’da bergan.
Qayd etish joiz, bu tojikistonlik og‘ufurushlar narkotik moddalarni Rossiyaga olib o‘tish uchun O‘zbekiston hududidan va fuqarolaridan foydalanishga avval ham bir necha marta uringan.
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 246 (“Kontrabanda”) va 273 (“Giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish”) moddlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)