O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligining joriy yil birinchi choragidagi faoliyatiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Istiqlol yillarida Prezidentimiz rahnamoligida avtotransport xizmatlari bozorida bozor munosabatlarini shakllantirish va sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani ta’kidlandi. Transport korxonalarining avtoparki muntazam yangilanayotgani samarasida ayni paytda yo‘lovchi va yuk tashish tizimi yanada rivojlanmoqda. Shu yilning birinchi choragida avtotransport korxonalari 98 Isuzu rusumli avtobus, 99 yuk avtomobili, 43 yangi mikroavtobus va 184 yengil avtomobilni lizing asosida xarid qildi.
Agentlikdan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va Davlat soliq qo‘mitasi bilan hamkorlikda transportda tashish sohasida noqonuniy faoliyat yuritayotgan subyektlarni aniqlash bo‘yicha reydlar o‘tkazilgan. Hisobot davrida esa 1130 qo‘shma reyd tashkil qilinib, tekshiruvlar davomida to‘plangan barcha materiallar chora ko‘rish uchun tegishli idoralarga taqdim etilgan.
Agentlik “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi doirasida ham katta ishlarni amalga oshirayotgani qayd etildi. Bu borada tasdiqlangan reja asosida urush faxriylari, yolg‘iz, keksa fuqarolar, ko‘p bolali va kam ta’minlangan oilalarga moddiy hamda ma’naviy yordam ko‘rsatilayotir. Jumladan, Navro‘z bayrami munosabati bilan avtotransport sohasi faxriylari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda ularga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, kichik biznes subyektlari rahbarlari, mutaxassislar, xususiy tadbirkorlar malakasini oshirish, ularga maslahat yordami ko‘rsatish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tadbirda jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Izoh (0)