Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulloh Solih davom etayotgan qurolli mojarolarga qaramay mamlakatni tark etmasligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
“Men o‘ziga uy izlash uchun Jidda, Parij yoki Yevropaga ketadiganlardan emasman. Mening mamlakatim — mening Vatanim. Ali Abdulloh Solihga ‘o‘z mamlakatingdan chiqib ket’ deydigan kishi hali tug‘ilmagan, tug‘ilmaydi ham”, − deb yozgan Solih o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
Avvalroq, Al Arabiya telekanali Ali Abdulloh Solih Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan uning Yamandan chiqib ketishida xavfsizlikni ta’minlashni so‘raganini ma’lum qilgan. Solih ham xusiylar yetakchilari singari AQSh va BMTning sanksiyalar ro‘yxatidan o‘rin olgan.
Saudiya Arabistoni boshchiligidagi arab davlatlari koalitsiyasi 26-mart kuni Yamanda xusiy qo‘zg‘olonchilariga qarshi havo operatsiyasini boshlagan edi. Operatsiyadan maqsad — xusiylar va Solihning boshqa tarafdorlaridan Yaman prezidenti Abd Rabbo Hodiyga mamlakat ustidan nazoratni qaytarib olib berish.
Izoh (0)