Chempionlar ligasi doirasida “Lokomotiv” va “Fulad” jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuv yakuniga yetgach o‘tkazilgan matbuot anjumanining ikkinchi qismida Vadim Abramov ishtirok etdi, deb xabar beradi “Uff.uz”.
“O‘yinni hamma ko‘rdi. Mavsumdagi ilk o‘yin shunday kechadi, aslida, – deb gap boshladi Vadim Abramov. – Bir qator futbolchilar hayajondan o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Bunaqasi uchrab turadi. Gol urib olganimizdan so‘ng xotirjamlikka berildik va raqib o‘yiniga moslashib qoldik. Bu ‘Lokomotiv’ uchun Chempionlar ligasidagi ilk ochko hisoblanadi. Umid qilamanki, bu ochko yagona bo‘lmaydi”.
Savol: Abduholiqovning o‘yinidan qanoatlandingizmi?
Javob: Futbolda faqat gol urish emas, balki boshqa vazifalarni ham bajarishi lozim. Temurxo‘ja jamoaviy o‘yinda katta foyda bera oldi. Uning o‘rniga tushgan Alisher Shog‘ulomov o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uncha tushunmagan ko‘rinadi.
Savol: Jasur Hasanov 90 daqiqa o‘ynay olmaydimi?
Javob: O‘ynay oladi, albatta. Ammo biz taktik qarashlardan kelib chiqib, uni ikkinchi bo‘limga olib qo‘ygan edik. Agar biz hisobda oldinda bo‘lganimizda raqib hujum qilishga majbur bo‘lardi va qarshi hujumlarda Jasurdan foydalangan bo‘lardik. Afsuski, bu rejamiz amalga oshmadi va Hasanov durang bo‘lib turgan vaqtda o‘yinga qo‘shildi.
Savol: Lutfulla To‘rayev kelgusi o‘yinda ishtirok etmasligi muammo tug‘dirmaydimi?
Javob: Men unga tanaffus vaqtida ehtiyot bo‘lishni tayinlagan edim. Uning o‘rnini bosa oladigan futbolchilar tarkibda bor.
Savol: Siz o‘tgan o‘yinda bir daqiqa ham o‘ynamagan darvozabonni maydonga tushirgan edingiz. Bu safar esa Sardor Mirzayev himoyada, Abduholiqov esa qanotda o‘ynadi. Nima uchun yangi Amerika ochmoqchi bo‘lmoqdasiz, hammani o‘z o‘rniga qo‘ysangiz bo‘lmaydimi?
Javob: Men hech narsani isbotlamoqchi emasman. O‘tgan o‘yinda maydonga tushgan darvozabonga kelsak, biz mashg‘ulotlarda ishtirok etgan Karimovga ishonch bildirgan edik. Ma’mur o‘tgan o‘yin oldidan to‘liq tayyor emas edi, shu sababli zaxirada qoldi. Abror esa o‘rtoqlik o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatgan edi. Shu sababli unga ishonch bildirdik. Mirzayevga kelsak, u bugun o‘ng qanot himoyasida ham o‘ynadi, ammo e’tibor bergan bo‘lsangiz, “Fulad” bir hujumchi bilan o‘yinni boshlagandi. Shu sababli to‘rt himoyachini ortda ushlab turishni istamadik. Sardor aslida oldinda o‘ynashi kerak edi. Biz bugun uch himoyachi bilan o‘ynadik.
Savol: Bugungi va avvalgi o‘yinlarda g‘alabaga erishilmagani boisi nimada? Bu borada sizning ham aybingiz bormi?
Javob: Bizda juda yaxshi tarkib bor. Bu futbolchilar ikki o‘yinda maydonga tushib, qo‘lidan kelgan barcha ishni bajardi. Mening aybimga kelsak, nima deyishga ham hayronman. Futbolda kimdir g‘alaba qozonadi, kimdir esa mag‘lub bo‘ladi. Biz qo‘limizdan kelgan ishni qilmoqdamiz. Futbolda ko‘tarilishlar va pasayishlar bo‘lib turadi. Aytaylik Madridning “Real” klubi ham mavsumni yomon boshlagan edi. Endi bo‘lsa bu jamoa Ispaniya chempionatida peshqadam. Demak Anchelotti ham aybdor ekanmi? Yaxshi ot keyin chopadi. Biz ham yaxshi natijaga erishamiz, deb o‘ylayman.
Savol: Siz haqingizda matbuotda ko‘p gap-so‘zlar yoritilmoqda. Bu holat jamoaga ortiqcha bosim yuklamaydimi?
Javob: Yo‘q, hech qanday bosimni his qilganimiz yo‘q. Men imkon qadar gazetalarni o‘qimaslikka harakat qilaman. Biz o‘z ishimizni qilmoqdamiz, muxlislarni stadionga yig‘ish harakatidamiz. Mening ishim qay darajada yomonligi mana shu muxlislar zamirida ko‘rinadi.
Savol: Superkubok haqida nima deya olasiz?
Javob: Mavsum boshida bunday mas’uliyatli o‘yinlar bo‘lmoqda. Bunday holatda futbolchilar biroz asabiylashishi mumkin. Men imkon qadar ularni xotirjam qilishni istamoqdaman. Superkubok yaxshi musobaqa va biz uni yutishni juda istaymiz. “Paxtakor” yaxshi jamoa va bu jamoani mag‘lub etish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilamiz.
Izoh (0)