Toshkent shahridagi Temuriylar tarixi davlat muzeyida O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi “Xalq so‘zi” nashri.
“Mustaqillik davri adabiyotida Zulfiya ijodining ahamiyati” mavzuidagi mazkur tadbirda adabiyotshunos olimlar, respublikadagi oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, shoir va yozuvchilar, she’riyat ixlosmandlari, shuningdek, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari ishtirok etdi.
Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zFA vitse-prezidenti B. Abduhalimov, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali va boshqalar mamlakatda ma’naviyatga, adabiyotga qaratilayotgan e’tibor ko‘plab iqtidorli yoshlarning yetishib chiqishiga, o‘zbek adabiyoti va san’atining jahon sahnalarida baralla yangrashiga xizmat qilayotganini alohida ta’kidladi.
Davlat rahbarining “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, ayni paytda shoira hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi bir qator kitoblar nashr etildi. “Saylanma”, “Zulfiya zamondoshlari xotirasida” to‘plami, qoraqalpoq tilidagi “Mushoira”, “Seni kuylayman, hayot” asarlari shular jumlasidandir. Qolaversa, Zulfiyaning eng sara asarlarini jamlagan “Men ishq edim” deb nomlangan kitob ingliz tilida chop qilishga tayyorlanmoqda.
Anjuman doirasida Zulfiya asarlari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.
Izoh (0)