Samarqand viloyatida hademay 50 yoshni qoralaydigan, oilasidan ajrashgan ikki nafar bolaning otasi bir necha bor qamalib chiqdi va ilgari sudlangan ayol bilan tanishib, u bilan yashay boshladi, deb xabar bermoqda “Huquq” nashri.
Kunlarini aroq bilan o‘tkaza boshlagan “er-xotin” bir kuni ayolning opasinikidagi ziyofatdan qaytishda Tiko rusumli avtomobilga o‘tirdi. Manzilga yaqinlashgach, yo‘lovchilar haydovchiga turli bema’ni gaplar aytib, uning cho‘ntagidagi pul va telefonga yopishdi. Ko‘p o‘tmay, shovqin-suron eshitib, yetib kelgan sudlangan erkakning jiyani ham janjalga qo‘shildi. Uchovlon haydovchidan mashinaning hujjatlari va kalitini tortib oldi va haydovchini hushidan ketguncha ura ketdi.
Avtomobil Qoradaryo ko‘chasi tomon borayotgan vaqtda haydovchi uyg‘onib, qo‘l tormozini tortdi: mashina sirpanib to‘xtadi. Haydovchi kalitni olib, qochishga urindi, biroq ulgurmadi: uni yana do‘pposlay ketishdi. U hushidan ketgach, avtomobilni yurgiza olmagan jinoyatchilar topgan 79 ming so‘m pul, Nokia rusumli telefon va DVD-pleyerni olib qochdi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari harakatlari natijasida jinoyatchilar qo‘lga olindi. Sud hukmi bilan avval ham qamalgan erkak 16 yil, uning jiyani 8 yil va ayol 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.
Izoh (0)