Ispaniyaning El Pais nashri Yevropa va Amerikadagi ba’zi davlatlarning rahbarlari oladigan maoshlar haqidagi ma’lumotlarni chop etdi, deb xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Qayd etilishicha, Buyuk Britaniya qirollik saroyining byudjeti 38,78 million yevroni tashkil etadi, bu qirolicha Yelizaveta II’ning jamoat mulkidan oladigan daromadining 15 foizi demakdir.
Gollandiya qirollik saroyining byudjeti esa 38 million yevroni tashkil etadi. Bundan 825 ming yevroni qirol Villem-Aleksandr maosh sifatida oladi, 4,2 million yevro uning shaxsiy ishlari va kotibiyat xarajatlari uchun sarflanadi.
Belgiya qirollik saroyining byudjeti qirol Filippga to‘lanadigan 11,5 million yevrodan iborat, biroq uning o‘zi aynan maosh sifatida qancha olishi ma’lum emas. Bundan tashqari, 2013-yildan taxtdan voz kechgan qirolning otasi 931 ming yevro yillik to‘lovni olishda davom etmoqda.
Daniya qirollik saroyi byudjeti 13,2 million yevroni tashkil etadi. Qirolicha Margrete II yiliga 1,34 million yevro maosh olsa, farzandlariga 509,5 ming yevrodan beriladi.
Norvegiya qiroli Xarald V va uning rafiqasi yiliga 24 million yevro miqdorida maosh oladi, ular shu mablag‘ hisobiga o‘zlarining barcha xarajatlarini qoplashlari lozim.
Ispaniya qirollik saroyi byudjeti 7,7 million yevroni tashkil etadi. Bundan 234 204 yevroni qirol Filipp IV 2015-yilda maosh sifatida olishi kerak. Uning taxtdan voz kechgan otasi 187 356 yevro, rafiqasi Letisiya esa 128 808 yevro miqdorida yillik maosh oladi.
Yiliga 400 ming dollar (321 121 yevro) maosh oladigan AQSh prezidenti Barak Obamaning ovqatlanish xarajatlarini davlat ko‘taradi.
Fransiya prezidenti Fransua Ollandning maoshi barcha soliqlardan keyin 178 ming yevroni tashkil qiladi. Bosh vazir Manuel Vallsning maoshi ham prezidentniki bilan bir xil.
Germaniya prezidenti Yoaxim Gauk 2014-yilda 214 ming yevorlik maoshdan tashqari o‘z kotibiyatini boshqarish uchun 78 ming yevro olgan. Kansler Angela Merkelning maoshi esa barcha soliqlardan keyin 270 396 yevroni tashkil qilgan.
Italiya prezidenti Serjo Mattarella oladigan yillik maosh barcha soliqlardan keyin 239 ming yevro qoladi.
Izoh (0)