3-fevral kuni Germaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Xyofer-Vissing Naytxart O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga tashrif buyurdi. Mehmonni qo‘mita raisi O.Yusupov qabul qildi. Bu haqda qo‘mitaning rasmiy saytida xabar berildi.
O.Yusupov Germaniya elchisiga O‘zbekistondagi diniy voqe’lik va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita faoliyati xususida ma’lumot berdi.
Xyofer-Vissing Naytxart elchi etib tayinlanganligiga ko‘p vaqt bo‘lmaganiga qaramay, Respublikadagi ba’zi diniy tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashish imkoniyatiga ega bo‘lganligini qayd etdi. Hozirda Germaniyada ma’lum sabablarga ko‘ra islom dini diqqat-e’tibor ostida ekanligini bildirib, u O‘zbekistonda islom dini rivoji, shuningdek, islom dinining boshqa dinlar bilan munosabati bilan qiziqayotganligini ma’lum qildi.
Elchi yil boshida Fransiyada bo‘lib o‘tgan noxush voqealarga to‘xtalar ekan, Germaniya hududida dinlarga nisbatan bunday behurmatlik ko‘rsatilishiga umuman yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi.
U Germaniyada islom dini turli ko‘rinishlarga ega ekanligini ta’kidlar ekan, jamiyatda tinchlik barqarorligi va turli noxush holatlar vujudga kelmasligi uchun diniy faoliyat olib borayotgan imomlarning turli mamlakatlardan kelganligini inobatga olib, imomlar tayyorlov kurslari tashkil etilganligini qayd etdi.
Shu bilan birga elchi islom dinida tinchlik va osoyishtalikni saqlashda katta tajribaga ega bo‘lgan O‘zbekistonning soha mutaxassislari bilan yaqindan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish Germaniya uchun katta ahamiyatga ega ekanini ham bildirib o‘tdi.
Bu fikrni quvvatlab O.Yusupov, qo‘mita tomonidan Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab Toshkent islom universitetida har yili tadbir o‘tkazib kelayotganini hamda mazkur tadbirda O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha diniy tashkilotlar, diplomatik korpus hamda boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etayotganini ta’kidladi.
Suhbat o‘zaro samimiy muloqot tarzida o‘tkazildi.