26-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 7-Samarqand okrug saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Samarqand viloyat matbuot markazi xabar berdi.
Komissiya raisi Yaxshinor Allayorov boshqargan majlisda dastlab okrug hududida saylov uchastkalarini tuzish haqidagi masala ko‘rib chiqildi.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq saylov uchastkalari tuman, shahar hokimliklarining taqdimnomasiga binoan harbiy qismlarda esa qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan saylovga kamida 60 kun qolganida okrug saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Saylov uchastkalari, qoida tariqasida, kamida 20 nafar va ko‘pi bilan 3000 nafar saylovchidan iborat bo‘ladi.
Samarqand viloyati saylovchilar umumiy soni 2 million 294 ming 602 kishini tashkil etishini inobatga olib, okrug bo‘yicha 957 ta saylov uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mazkur saylov uchastkalari joylashgan manzil, ularning markazi va chegaralari haqidagi ma’lumotlar matbuotda e’lon qilinadi.
Majlisda komissiya vakolatiga oid boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)