27-yanvar kuni Toshkentdagi “Istiqlol” san’at saroyida 80-yillar yulduzlari ishtirokida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan konsertda faqatgina o‘zbek estradasi vakillari ishtirok etgani xabar berilgan edi. Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhida ushbu holatning boshqa tafsilotlari e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, shouda ishtirok etishi e’lon qilingan Boney-M, Ottawan, “Kombinatsiya” guruhlari, Natalya Gulkina, Alisa Mondan faqatgina Boney-M guruhining bir a’zosi sahnaga chiqqan. Foydalanuvchilardan biri konsert e’lonidagi telefon raqamlariga qo‘ng‘rioq qilganda, sotib olingan chiptalarning pullarini 10 kundan keyin qaytarishga va’da berishgan.
Guruh a’zolaridan biri taklif qilingan artistlarning konsert direktorlariga maktub yozib, ular nima uchun konsertga kelmagani to‘g‘risida javob olgan. Javob maktubida yozilishicha, “Kombinatsiya” guruhi, Natalya Gulkina va Alisa Monning konsert direktori 27-yanvar kungi konsert uchun dastlabki ikkalasidan tashqari Alisa Monni ham tavsiya qilganda rad javobini olgan va uning nomi nima uchun afishalarga kiritilganiga hayron qolgan.
Konsert direktori shou-biznesdagi faoliyati davomida bunchalik yomon tashkilotchilikka guvoh bo‘lmaganini qayd etgan. Shartnomaga binoan, artistlar Toshkentga yetib kelishidan oldin gonorar 100 foiz to‘lanishi kerak bo‘lgan, biroq tashkilotchilar turli bahonalar bilan bu ishni kechiktiravergan. Gonorar Toshkentga 25-yanvar kuni yetib kelgan Boney-M guruhi ma’murlariga berib qo‘yilishiga kelishilgan. Biroq bu ham amalga oshmagan.
Direktorning yozishicha, u “Kombinatsiya” guruhi va Natalya Gulkinaga 26-yanvar tunda Toshkentga uchishni tayinlagan, shartnoma bo‘yicha Moskva−Toshkent−Moskva aviachiptasini ham tashkilotchilar olib berishi kerak bo‘lgan. Biroq aeroportda chipta faqatgina buyurtma berilgani, biroq puli to‘lanamagani ma’lum bo‘lgan. Direktorning tashkilotchilar bilan bog‘lanishi samara bermagan va artistlar uyga qaytishiga to‘g‘ri kelgan. Ular haligacha aloqaga chiqmaganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)