O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotidagi sanoat ulushi 2020-yilga borib 27 foizgacha ortishi mo‘ljallanmoqda. Bu haqda 2015-yil 23-yanvarda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan Harakat dasturida ma’lum qilingan. Dastur “Xalq so‘zi” gazetasida chop etilgan.
Avval xabar berilganidek, 2015−2019-yillarda ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish, modernizatsiya va diversifikatsiya qilishni ta’minlash chora-tadbirlari dasturini tayyorlash doirasida jami qiymati 38 milliard dollarga teng bo‘lgan 870 ta yirik investitsiya loyihasi ro‘yxati shakllantirildi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, dasturni amalga oshirish quyidagi natijalarga erishish imkonini beradi:
- mashinasozlik, kimyo, neft-gaz-kimyo, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati kabi yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlar jadal rivojlantiriladi. Buning natijasida sanoat mahsulotlarning 1000 tadan ortiq yangi turini ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi;
- sanoat ishlab chiqarishining 5 yilda 1,5 barobarga o‘sishi, sanoatning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi esa 24 foizdan 2020-yilgacha borib 27 foizgacha ortishi mo‘ljallanmoqda;
- yuqori texnologiyali mahsulotlar eksportini yanada oshirish va 52 mingtadan ortiq yangi ish o‘rni yaratish nazarda tutilmoqda.
Bular jumlasiga tayyor to‘qimachilik buyumlari va yarim-tayyor mahsulotlar, polimerlar va uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash orqali olinadigan boshqa mahsulotlar, elektr-maishiy va elektron tovarlar, maishiy kimyo tovarlari, zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari, charm-poyabzal, oziq-ovqat va farmatsevtika sanoati mahsulotlari kiradi.
Izoh (0)