Joriy yilning 17—18-yanvar kunlari Toshkentda Hand Made in Uzbekistan — 2015 an’anaviy san’at festivali bo‘lib o‘tadi. Bu yerda O‘zbekistonning turli burchaklaridan tashrif buyurgan 150 dan ortiq hunarmand jam bo‘ladi, deb xabar bermoqda “Uz24.uz” “Afisha.uz”ga tayanib.
Festival hunarmand sulolalarni hamda qobiliyatli ustalarni qo‘llab-quvvatlashga, jamoatchilikni amaliy san’ati sohasidagi yangiliklar bilan tanishtirish hamda O‘zbekistonning madaniy yutuqlarini saqlab qolishga qaratilgan.
Festival doirasida bo‘lib o‘tadigan barcha tadbirlar “Zarqaynar” milliy san’at galereyasida o‘tkaziladi. Ko‘rgazmada so‘zana, suvenir yoki maishiy kulolchilik mahsulotlari, chinnidan yasalgan buyumlar, zamonaviy va an’anaviy uslubda qo‘lda ishlangan zargarlik buyumlari, shoyi ro‘mollar, o‘zbek naqshlari tushirilgan milliy matolardan yaratilgan nimchalar, sumkalar, miniatyura asarlari, suvenir pichoqlar, teridan yasalgan buyumlar, milliy qo‘g‘irchoqlar, turli o‘lchamdagi gilamlar, tabiiy matolardan yaratilgan milliy uslubdagi kiyim va poyabzallarni xarid qilish mumkin.
Izoh (0)