O‘zbekistonda har yili 60 tonnaga yaqin qon tayyorlanadi. Bu haqda Respublika gematologiya va qon quyish ilmiy-tadqiqot instituti qoshidagi Respublika qon quyish stansiyasi bosh shifokori o‘rinbosari Valentina Chuprovaga asoslanib “Kun.uz” xabar berdi.
Chuprovaning aytishicha, stansiya har yili o‘rtacha 17-18 ming donorni qabul qiladi. Uning fikricha, qon xizmati — tezda qon quyish inson hayotini asrab qolishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda ko‘rsatiladigan tez yordamning muhim turlaridan biri.
“Bunday vaziyat uchun hamisha qon va uning tarkibiy qismlari zaxirasi mavjud. Lekin u muntazam ravishda yangilanishi kerak, shuning uchun ham bizning asosiy vazifalarimizdan biri donorlikni targ‘ib qilishdir. Aholi o‘rtasida xolis donorlik targ‘ibot ishlari umumdavlat, strategik xarakterga ega. Bu xayrli ishda ko‘plab davlat muassasalari, nodavlat tashkilotlari, ‘Mahalla’, ‘Qon odamlar xizmatida’ jamg‘armalari, O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati ishtirok etmoqda. Har oyning birinchi jumasida aksiya o‘tkazamiz, bu aksiya davomida odamlar ko‘ngilli ravishda qon topshirishadi. Mamlakatimizda bu ish ko‘ngilli harakat sifatida shakllangani odamni quvontiradi. Donorlikni targ‘ib qilish uchun www.qonber.uz sayti tashkil qilingan”, — dedi Valentina Chuprova.
Izoh (0)