5-dekabr kuni Belgiyaning beva qirolichasi Fabiola Bryusseldagi Styuvenberg qasrida 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda qirol Filipp saroyining kommyunikesiga asoslanib Agence France-Presse xabar bermoqda.
Fabiola 1993-yilda vafot etgan Belgiya qiroli Boduen I’ning rafiqasi bo‘lgan. Ularning farzandi bo‘lmagani bois taxtga o‘tirgan Boduenning ukasi Albert 2013-yilda o‘zining to‘ng‘ich o‘g‘li Filipp foydasiga taxtdan voz kechgan edi.
Fabiola Fernanda Mariya de las Viktoriyas Antonias Adelaida Ispaniya qirollik saroyiga yaqin bo‘lgan dvoryan oilasining oltinchi farzandi bo‘lgan. Hamshiralik maktabida tahsil olgan Fabiola 1955-yilda Boduen bilan tanishgan va 1960-yilda ular turmush qurgan. Bir necha marta homilador bo‘lganiga qaramay, Fabiola valiahdni dunyoga keltira olmagan. Belgiya konstitutsiyasiga binoan, qirolichaning hech qanday majburiyati bo‘lmagani bois Fabiola hayotini xayriya ishlariga bag‘ishlagan.
Izoh (0)