Kompyuter sichqonchasi o‘rnini bosadigan yangi qurilma yaratildi va Flow deb nomlandi, deya xabar bermoqda Engadget.
Silindr shaklidagi, joyidan qo‘zg‘almaydigan manipulyator xokkey shaybasidan sal kichikroq hajmga ega: diametri 70, balandligi 15 millimetrga teng. Flow’ning gardishi aylanadi, ustki yuzasi sensorli smartfon kabi barmoq tekkizilishi yoki bosilishini farqlaydi.
Manipulyatordagi yorug‘lik datchigi va infraqizil sensorlar uni barmoqni tekkizmasdan ham turib boshqarish imkonini beradi.
Qurilma kompyuterga Bluetooth orqali ulanadi. Unga joylangan akkumulyator zaryadi to‘rt oyga yetadi.
Ayni paytda Flow OS X bilan ishlay oladi, biroq tez orada u iOS, Android va Windows’ga ham moslashtiriladi.
Loyiha haqidagi ma’lumot Indiegogo kraudfanding saytiga joylashtirilgan, hozircha zarur mablag‘ning 34 foizi yig‘ilgan.
Flow 2015-yil iyunidan keyin 135 dollardan sotuvga chiqishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)