Sevgilisi bilan janjallashib qolgan tambovlik yigit Moskvadagi Kurskiy vokzalini minalashtirganini aytib, shu orqali yarashib olmoqchi bo‘ldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.
20-oktabr kuni Moskva vaqti bilan soat 10:15 da noma’lum shaxs politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, Kurskiy vokzalidan yo‘lga chiqishga tayyorlanayotgan Moskva-Krutoye elektr poyezdida bomba borligini aytgan. Bir yarim soatdan keyin u yana qo‘ng‘iroq qilib, agar 2 million dollar berilmasa Gorkiy yo‘nalishidagi yana ikki elektr poyezdiga bomba qo‘yishini ma’lum qilgan. Yana 40 daqiqadan keyin esa Kurskiy vokzalining o‘ziga ham bomba qo‘yilganini aytgan. Uchala xabar ham yolg‘on bo‘lib chiqqan.
“Yolg‘on terrorchi” Moskva-Krutoye elektr poyezdining vagonlaridan birida qo‘lga tushirilgan. U 23 yoshli Tambov shahridan kelgan yigit ekanligi aniqlangan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yo‘l bilan o‘zi janjallashib qolgan sevgilisidan kechirim so‘ramoqchi bo‘lgan. Ayblanuvchi katta miqdordagi jarima to‘lashi yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Izoh (0)