O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasida joriy yilning 20-oktabr kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat soliq xizmati organlari rahbarlari ishtirokida Hay’atning kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasining rasmiy sayti.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining 2014-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida”gi PQ-2099-sonli qarori bilan budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalarga 9 oylik belgilangan prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishi borasida amalga oshirilgan tadbirlar natijadorligi Namangan, Samarqand, Navoiy va Xorazm viloyatlari misolida tanqidiy muhokama qilinib, 2014-yilni, jumladan IV chorakni muvaffaqiyatli yakunlash borasidagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 27-iyundagi “Respublika iqtisodiyoti tarmoqlarini 2014−2015-yillar kuz-qish davrida barqaror ishlashga tayyorlashni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2194-sonli qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Davlat soliq qo‘mitasi hamda uning tarkibidagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish borasida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berildi.
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 28-avgustdagi “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 253-sonli qarori bilan davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan vazifalarning amalga oshirilishi borasidagi ishlar Surxondaryo, Namangan va Farg‘ona viloyatlari misolida tanqidiy ko‘rib chiqilib, amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilandi.
Vazirlar Mahkamasining 1996-yil 13-martdagi “Tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda xorijiy valyutadagi mablag‘lardan foydalanish ustidan nazoratni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan nazorat tadbirlariga Namangan va Xorazm viloyatlari misolida baho berilib, bu boradagi vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda jismoniy shaxslarga 2014-yil uchun hisoblangan mol-mulk va yer soliqlarining hududlar kesimida undirilishini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlarning natijalari tahlil qilinib, hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlarining hisobotlari eshitildi.
Muhokama natijalari bo‘yicha, faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi uchun markaziy apparat tuzilmalari va hududiy davlat soliq xizmati organlari rahbarlaridan 2 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi va 31 nafariga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.
Yig‘ilish so‘ngida davlat soliq xizmati organlari zimmasiga yuklatilgan dolzarb vazifalarni sifatli bajarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Izoh (0)