Hindistonning Puna shahrida 20 yoshgacha bo‘lgan shaxmatchilar o‘rtasida jahon chempionati davom etmoqda. Ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini poytaxtlik Shamsiddin Vohidov hamda sirdaryolik Sarvinoz Qurbonboyeva himoya qilyapti, deb xabar beradi “Olamsport”.
17-oktabr kuni o‘tkazilgan 11-tur uchrashuvida Shamsiddin Vohidov durang natija qayd etdi. U qora donalarda hindistonlik Patil Pratik bilan murosaga keldi. Sarvinoz Qurbonboyeva esa oq donalarda chiroyli g‘alabaga erishdi. Sarvinoz mezbon shaxmatchi Rucha Pujarini yengdi.
12-tur oldidan Vohidovda besh, Qurbonboyevada esa yetti ochko bor. Sarvinoz qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 14-pog‘onadan joy olgan.
Bugun o‘tkaziladigan 12-turda Shamsiddin oq donalarda AQSh vakili Uilyam Fisher bilan hisob-kitob qilsa, Sarvinozning raqibasi ruminiyalik Gelip Ioana bo‘ladi.
Izoh (0)