O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar vakillariga saylovchilar imzosini to‘plash uchun imzo varaqalari berildi. Mazkur jarayon siyosiy partiyalarning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovda ishtirokini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilmoqda, deb xabar berdi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha siyosiy partiyalar — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi parlament saylovida ishtirok etish istagini bildirdi.
Markaziy saylov komissiyasi kotibi Komiljon Odilovning ta’kidlashicha, qonunga binoan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinadigan kundan kamida to‘rt oy oldin ro‘yxatga olingan siyosiy partiyalar deputatlikka nomzod ko‘rsatish huquqiga ega.
“Siyosiy partiya saylovda uni qo‘llab-quvvatlaydigan saylovchilarning kamida 40 mingta imzosini to‘plashi zarur, — dedi K.Odilov. — Bunda O‘zbekistonning bitta ma’muriy-hududiy tuzilmasida, ya’ni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat yoki Toshkent shahrida to‘plangan imzolar soni talab etilgan imzolar sonining sakkiz foizidan oshmasligi belgilangan”.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasiga binoan siyosiy partiya deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun 12-oktabrgacha Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, Adliya vazirligining siyosiy partiya qonunda belgilangan muddatda ro‘yxatga olinganini tasdiqlovchi ma’lumotnomasi, shuningdek, imzo varaqalarini taqdim etishi shart. Imzo varaqalari topshirilgach, Markaziy saylov komissiyasi ularning to‘g‘ri to‘ldirilganini tekshiradi.
“Ushbu jarayonda siyosiy partiyalar vakillarining ishtirok etishiga ham ruxsat etiladi, — dedi K.Odilov. — Saylovchilar imzosi soxtalashtirilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi ushbu siyosiy partiyaning saylovda qatnashish huquqini rad etadi”.
Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida besh kunlik muddat ichida siyosiy partiyaning saylovda qatnashishiga ijozat berish to‘g‘risida yakuniy qaror qabul qiladi. Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning ro‘yxati arizalar kelib tushish tartibiga qarab, markaziy matbuotda e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 2014-yilning 15-sentabridan parlament quyi palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov bo‘yicha saylov kampaniyasi rasman boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, viloyat, tuman va shahar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov 2014-yilning dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasi – 21-dekabrda o‘tkaziladi.
Izoh (0)