Rossiya hukumati mamlakatdagi ijtimoiy tarmoqlar va boshqa ommabop muloqot saytlariga maxsus xizmatlar avtomatik rejimda ushbu saytlar foydalanuvchilari haqida ma’lumot olishi uchun maxsus qurilma va dasturiy ta’minot o‘rnatish majburiyatini yukladi. Bu haqda Rbc.ru’ga tayanib, “Anhor” xabar berdi.
Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev 31-iyul kuni bloggerlar haqidagi qonunga aniqlik kirituvchi qarorni imzoladi. U maxsus xizmatlar va “axborot tarqatishni tashkillashtiruvchilar” — ijtimoiy tarmoqlar, forumlar va muloqot uchun boshqa saytlar hamkorligiga bag‘ishlangan.
Hujjatda Federal xavfsizlik xizmati uchun saytlarga maxsus qurilma va dasturiy ta’minot qanday mablag‘ hisobiga o‘rnatilishi haqida gap bormaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Medvedev restoran, metro, istirohat bog‘lari va boshqa jamoat joylarida anonim internet aloqasini taqiqlovchi qarorni imzolagani haqida xabar berilgan edi.
Hujjatga ko‘ra, aloqa operatori foydalanuvchilarni identifikatsiyalashi kerak bo‘ladi.
Wi-Fi orqali internetga chiqish uchun foydalanuvchi “shaxsni tasdiqlovchi hujjati bilan tasdiqlangan” ism, familiya va sharifini taqdim etishi zarur bo‘ladi.
Izoh (0)