Niderlandiyaga Donetsk yaqinidagi aviahalokat qurbonlarining ilk murdalari keltirildi. Xarkovdan uchgan ikkita harbiy transport samolyoti Eyndxoven aeroportiga qo‘ndi, deya xabar berdi Euronews.
Ularni qirol Villem-Aleksandr va qirolicha Maksima, bosh vazir Mark Ryutte va bosh vazir o‘rinbosari Lyudvig Asher, shuningdek qurbonlarning qarindoshlari kutib oldi. Motam marosimi uchish maydonining o‘zida bo‘lib o‘tdi. Halok bo‘lganlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlandi.
Xarkovda motam reyslarini ukrainalik diplomatlar va halokatli reys yo‘lovchilarining fuqaroligi tegishli bo‘lgan davlatlarning elchilari kuzatib qoldi.
Jasadlar avval Niderlandiyaga, so‘ng boshqa davlatlarga olib o‘tiladi. Hozircha jasadlarning barchasi topilmagan. Ayni paytda 200 kishiga tegishli murdalar aniqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines’ning “Boing-777” samolyoti 17-iyul kuni kechqurun Ukraina sharqida qulab tushdi. Bortdagi barcha 298 kishi halok bo‘ldi. Ularning 193 nafari Niderlandiya fuqarolaridir.
Izoh (0)