Poytaxtdagi O‘zbekiston Milliy matbuot markazida aholini yuqumli kasalliklardan himoyalash, mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, bu sohaga yo‘naltirilayotgan davlat byudjeti mablag‘laridan oqilona foydalanish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi O‘zA.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, OITSga qarshi kurash markazi olimlari, shifokorlar, sanitariya-epidemiologiya nazorati markazlarining targ‘ibot ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlari va jurnalistlar ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatda sanitariya-epidemiologiya muhitini barqaror saqlash, emlash orqali aholi, xususan, bolalarni yuqumli kasalliklardan himoyalash, bu sohaga ajratilayotgan byudjet mablag‘laridan oqilona foydalanish masalalariga muhokama qilindi.
Mamlakatda qabul qilingan milliy emlash dasturiga asosan, 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar 10 ta yuqumli kasallikka qarshi immunizatsiyaga jalb etilmoqda. Jumladan, bo‘g‘ma, ko‘k yo‘tal, qizamiq, qizilcha, tepki, gepatit “V” kabi xastaliklarning oldini olishga erishilmoqda. Belgilangan qatlamni to‘liq qamrab olgan holda, uzluksiz ravishda tashkil etilayotgan vaksinasiya tadbirlari samarasida O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining “Poliyemiyelitdan xoli hudud” sertifikatiga sazovor bo‘lgan.
Izoh (0)