2014-yil 19-may kuni Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasida butun O‘zbekiston bo‘yicha nemis tilini o‘rganadigan talabalar orasida yettinchi marotaba “Notiqlik san’ati” shiori ostida tanlov o‘tkazildi. Bu haqda Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Tanlovda ishtirok etgan jami 16 ta oliy o‘quv yurti o‘z talabalari o‘rtasida nemis tili bo‘yicha ichki tanlov o‘tkazib, Germaniya elchixonasida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqich uchun bittadan vakilni aniqlab berdi.
Tanlovda yosh notiqlar oldindan tanlab olingan ma’lum bir mavzu bo‘yicha o‘z nuqtai nazarini tinglovchilar qarshisida nemis tilida ifodalab berishi zarur.
Musobaqa doirasida yakuniy bosqichga chiqqan jami 16 nafar talaba tanlangan mavzu bo‘yicha besh daqiqa davomida nutq so‘zlashi va hay’at a’zolarining mavzu bo‘yicha savollariga javob berishi lozim edi.
Tanlovda ishtirokchilarning tilni bilish darajasi, retorik iqtidori, nutqning sifati va o‘ziga xosligi hamda mavzuning mazmunan ochib berilishiga baho berildi.
G‘oliblikni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti 2-bosqich talabasi Bobomurod Muhiddinov qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rinni o‘z nutqi bilan O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti 3-bosqich talabasi Anastasiya Korsakova egalladi. Uchinchi o‘rinni esa Farg‘ona davlat universiteti 4-bosqich talabasi Shoiraxon Xojixonova va Buxoro davlat universiteti 3-bosqich talabasi Aziza Hotamova egalladi. Tanlov g‘oliblari va ishtirokchilar shu kuni kechki payt elchixonaning madaniyat va matbuot bo‘limi rahbari Melani Moltmann xonimning rezidensiyasida bo‘lib o‘tgan tantanali ziyofat doirasida nemis tilidagi kitoblar va audio-disklardan iborat sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Izoh (0)