2014-yilning birinchi choragida dunyo bozoriga planshet yetkazib berish bo‘yicha Samsung va Apple kompaniyalari o‘rtasidagi farq 9 foizgacha qisqardi. Bu haqda ABI Research tahlil kompaniyasi o‘z hisobotida ma’lum qildi.
O‘tgan yili kompaniyalar o‘rtasidagi “masofa” 30 foizga teng edi. O‘shandan buyon Samsung planshetlari hissasi ushbu kategoriyadagi mahsulotlar ichida 11 foizga o‘sib, 30 foizgacha yetdi. Apple esa o‘zining bozordagi hissasini 10 foizga kamaytirib, 40 foizgacha tushirdi.
2014-yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, Apple jahon planshetlar bozorida 16,4 million dona mahsulot sotib, birinchilikni saqlab qoldi. Bu o‘tgan yilning shu davridan 16 foizga kamdir.
Undan keyingi o‘rinda ketayotgan Samsung 13 millionta qurilma sotdi. 2,1 millionta qurilmani jahon bozoriga yetkazib bergan Asus esa uchinchi pog‘onani band etdi.
Bundan tashqari, birinchi chorakda sotilgan planshetlarning 56 foizini Android-planshetlar, 40 foizini iPad’lar tashkil etdi.
Izoh (0)