Serbiyalik tennischi Novak Jokovich o‘z yurtidagi yirik suv toshqini natijasida jabrlangan vatandoshlariga 500 ming dollar mablag‘ taqdim etdi. Bu haqda mahalliy OAVlarga asoslanib, “ITAR-TASS” xabar berdi.
Sportchi ushbu mablag‘ni Rimdagi musobaqada dunyoning birinchi raqamli tennischisi – ispaniyalik Rafael Nadal ustidan g‘alaba qozonib qo‘lga kiritdi.
Nashrning ta’kidlashicha, serbiyalik tennischi fondi 17–19-may kunlari jabrlanganlar uchun yana 100 ming dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
Suv toshqini natijasida Serbiyada Favqulodda holat e’lon qilindi. Jami 25 ming kishi evakuatsiya qilingan.
Avvalroq Bolqondagi eng kuchli deya ta’riflanayotgan suv toshqini natijasida kamida 44 kishi halok bo‘lgani xabar berilgan edi. Mintaqada 120 yillik meteokuzatuvlar davomida eng kuchli deb topilgan toshqin sel kelishi natijasida sodir bo‘ldi. Sinoptiklar baholashicha, uch kun ichida mintaqada yog‘ingarchilikning uch oylik me’yori yog‘gan.
Yomg‘ir avji o‘tgan bo‘lsa-da, toshqin bilan bog‘liq vaziyat yomonlashishi ehtimoli bor. Belgradda Sava daryosi o‘zanidan chiqib ketishi mumkin. Suv sathining ko‘tarilishi natijasida Sava qirg‘oqlaridagi yirik elektr stansiyalariga ziyon yetishi mumkin.
Zarar ko‘rgan hududlarda Yevropa va Rossiya qutqaruvchilari ishlamoqda.
Izoh (0)