2014-yilning 15—23-may kunlari Toshkentda O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan 8th Agzamov Memorial, Tashkent Open xalqaro turniri o‘tkaziladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shveysarcha tizimda to‘qqiz turdan iborat bo‘lgan bu yilgi musobaqada 13 davlatdan 106 nafar shaxmat ustasi g‘oliblik uchun dona suradi.
Xalqaro xotira turniri ishtirokchilari orasidan 14 nafar xalqaro grossmeyster, uch nafar ayol xalqaro grossmeyster, to‘rt nafar xalqaro master o‘rin egallagan.
Ma’lumot uchun. Georgiy Tajixonovich Agzamov 1954-yilning 6-sentabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida tavallud topgan. Agzamovlar oilasida voyaga yetgan uch o‘g‘ilning (Vyacheslav, Valeriy, Georgiy) barchasi shaxmatga bolaligidan mehr qo‘ygan. Uch o‘g‘il orasida eng iqtidorlisi hisoblangan Georgiy 11 yoshida Olmaliq shahar chempionatida (kattalar orasida) g‘oliblikka erishadi.
19 yoshga kelib master darajasiga yetgan Georgiy, 1982-yili Belgradda, 1983-yili Vrshatseda va 1984-yili Sochi shahrida o‘tkazilgan musobaqalarda g‘oliblikka erishib, grossmeyster talabini bajargan. 1984-yili Gretsiyaning Saloniki shahrida o‘tkazilgan FIDE kongressida Georgiy Agzamovga Grossmeyster unvoni berilgan.
G. Agzamov 1981—1983-yillar davomida oltita yirik xalqaro turnirda zafar quchgan. Georgiy Agzamov 1986-yilning 27-avgust kuni kechki payt Sevastopol ko‘chalarini sayr qilib yurganda to‘satdan jarlikka tushib ketadi va 31 yoshida hayotdan ko‘z yumadi.
Aka-uka Vyacheslav va Valeriy Agzamovlar esa hamon shaxmat bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda ishtirok etib keladi. Yaqinda faxriylar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida Valeriy birinchi, Vyacheslav esa ikkinchi o‘rinni egalladi.