AQSh va Yevroittifoqning yirik kompaniyalari rahbarlari Sankt-Peterburgdagi iqtisodiy forumda qatnashishdan bosh tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Har yili o‘tkaziladigan xalqaro tadbirda ishtirok etmoqchi bo‘lganlar ro‘yxatiga mart oyida qo‘shilgan 11 nafar biznesmenlar ism-shariflari forum saytidan o‘chirildi.
Forumga tashrif buyurish rejasidan voz kechganlar qatorida ConocoPhillips, Airbus Group, Visa Inc, Alcoa, Siemens, Citigroup, Morgan Stanley, International Paper Company, Pepsi, Italiyaning Eni kompaniyasi top-menejerlari hamda Bain & Company konsalting guruhi rahbari bor.
O‘ndan ortiq qolgan tadbirkorlar forum dasturida qolgan, biroq ularga yaqin manbalarning aytishicha, boshqa rahbarlar ham tashrifni bekor qilishi mumkin.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Jey Karni AQSh hukumati biznes yetakchilari bilan Rossiyadagi iqtisodiy forumni muhokama qilib, “Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligining qo‘pol buzilishi” tufayli ularning ushbu tadbirdagi ishtiroki o‘rinsiz bo‘lishini ta’kidlaganini ma’lum qilgan edi.
Kompaniyalarning deyarli barchasi forumga kelmaslik sababini turli bahonalar bilan bog‘ladi. Birgina Alcoa rahbari Klaus Klaynfeld “AQSh hukumati talabi bilan” tadbirda ishtirok etmasligini ochiq-oydin e’tirof etdi.
Izoh (0)