Buxorolik o‘quvchilar soliq bilimdonlari deb tan olindi
Toshkent soliq kollejida “Soliq bilimlari – bolalarga” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Xalq ta’limi vazirligi hamda O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamkorligida tashkil etilgan tanlovda umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari ishtirok etdi.
Tanlovda O‘zbekiston Respublikasida soliq siyosati mavzusidagi insho, soliqlar nimaga sarflanishi haqida elektron taqdimot, soliq sohasiga oid suratlar sharhi, sohaning hikoyalarda aks ettirilishi kabi yo‘nalishlardagi eng yaxshi asarlar tanlab olindi.
Buxoro shahridagi 34- va 21-umumta’lim maktablari o‘quvchilari Mirjahon Islomov va Sevil Hikmatova, Toshkent soliq kolleji o‘quvchilari Mirkarim Fozilov va Kristina Chestnix turli yo‘nalishlar bo‘yicha birinchi o‘rin g‘olibi, deb topildi.
G‘olib hamda sovrindorlarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.