Andijonda tennis bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi “Fyuchers” hamda Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) musobaqalari taqvimiga kiruvchi xotin-qizlar xalqaro turnirlari yakunlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Germaniya, Fransiya, Gollandiya, Hindiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina, Belarus singari o‘nga yaqin mamlakatdan tennischilar ishtirok etgan turnir qizg‘in bahslarga boy bo‘ldi.
Xotin-qizlar o‘rtasidagi xalqaro turnirning juftliklar bahsida o‘zbekistonlik Albina Xabibulina va rossiyalik Veronika Kudrmetova juftligi g‘olib chiqdi.
Yakkaliklar o‘rtasida rossiyalik Polina Monova belaruslik Svetlana Pirojenkoni 6:2, 6:4 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, turnir g‘olibasiga aylandi.
“Fyuchers” turnirining yakkaliklar o‘rtasidagi hal qiluvchi bahsida ukrainalik Denis Molchanov Rossiya vakili Richard Muzayevni 6:1, 6:4 hisobida mag‘lub etib, g‘alaba qozondi. Juftlik musobaqalarida ukrainalik Denis Molchanov va rossiyalik Denis Matsukevich bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
– Andijondagi turnir men uchun muvaffaqiyatli yakunlandi, – deydi turnir g‘olibi ukrainalik Denis Molchanov. – Mazkur turnir barcha xalqaro talablar darajasida o‘tdi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.
Izoh (0)