Jizzax viloyatida umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida “Barchinoylar tanlovi” sport musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Unda sportning sakkiz turi bo‘yicha 882 nafar o‘quvchi qiz ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Sportning voleybol, basketbol, badiiy gimnastika, stol tennisi, gimnastrada, shaxmat-shashka, badminton turlari bo‘yicha musobaqalarda Jizzax shahri qizlari umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Jizzax, uchinchi o‘rin Zarbdor tumanlari qizlariga nasib etdi.
“Eng mahoratli ishtirokchi”, “Eng intiluvchan ishtirokchi”, “Eng shiddatli jamoa” kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, munosib rag‘batlantirildi.
– Sport, ayniqsa, bolalar sportini rivojlantirishga ko‘rsatilayotgan e’tibor o‘z samaralarini berayotir, – deydi viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ergash Jabborov. – Bugungi musobaqada ham viloyatning eng olis tuman va qishloqlaridan o‘quvchilar faol ishtirok etgani buning dalilidir.