Qashqadaryoda “Biz – buyuk yurt farzandlarimiz!” nomi ostida yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi. Festival doirasida intellektual bellashuvlar, davra suhbatlari, uchrashuv va tanlovlar, sportning bir necha turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi, deb xabar berdi O‘zA.
Qarshi shahridagi savdo shoxobchalarida “Vijdonli sotuvchi” aksiyasi o‘tkazilib, unda soliq xodimlari, “Kamolot” YoIH faollari, taniqli kinoaktyorlar va estrada xonandalari ishtirok etdi. Tadbir davomida voyaga yetmagan bolalarga alkogol va tamaki mahsulotlari sotishning salbiy oqibatlari, yoshlar o‘rtasida turli huquqbuzarliklar sodir etilishiga aynan shu mas’uliyatsizlik sabab bo‘layotgani sotuvchilarga tushuntirildi.
Kitob tumanidagi 5-mehribonlik uyida o‘tgan “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” loyihasi bolajonlarga bir umr esda qolarli lahzalarni hadya etdi. Tarbiyalanuvchilar taniqli san’atkorlar va adiblar bilan maroqli suhbatlashdi. Bolalar tomonidan uyushtirilgan rasmlar ko‘rgazmasi, konsert dasturi mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
“Vatan taraqqiyotiga mening hissam” loyihasi asosida viloyat Yoshlar markazida yosh tadbirkorlar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi, “Kamolot kutubxonasi” loyihasi doirasida yoshlar uchun kitoblar ko‘rgazmasi, yosh ijodkorlar mushoirasi, “Siz sevgan qahramonlar” va “Zamonamiz qahramonlari” mavzularida taniqli shaxslar, aktyor va estrada xonandalari ishtirokida ijodiy uchrashuvlar, “Nasaf” stadionida bo‘lib o‘tgan futbol-shou yoshlarga bir olam zavq bag‘ishladi.
Festival “Mustaqillik farzandlari” nomli konsert dasturi bilan yakunlandi.
Izoh (0)