“VKontakte” ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Pavel Durov Facebook foydalanuvchilariga o‘zi va 12 nafar xodimlari uchun yangi yashash va ishlash joyi borasida maslahat so‘rab murojaat qildi. Mazkur mavzuda u Facebook’dagi shaxsiy sahifasida yozgan.
Shuningdek, Durov o‘z jamoasi bilan birga byurokratiya, yirik mamlakatlar, urush, sotsializm va me’yoridan ortiq nazoratni yoqtirmasligini ta’kidlagan. Murojaatda yozilishicha, ular uchun eng ma’qul joy fuqarolik huquqlari va erkinligi ta’minlangan, kuchli sud tizimiga ega kichik mamlakatlardir.
Durovning ma’lum qilishicha, uning jamoasi 8 oy ichida 40 million foydalanuvchilarni o‘ziga jalb eta olgan Telegram messenjeri bilan band. Kelgusida “VKontakte” asoschisining akasi – mazkur ijtimoiy tarmoqning sobiq texnik direktori Nikolay Durovni o‘z ichiga olgan ushbu jamoa mobil telefonlari uchun yangi ijtimoiy tarmoqni yaratishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Durov o‘zining “VKontakte” bosh direktorligi lavozimidan ketishi haqida 1-aprel kuni xabar bergan, keyinroq esa ushbu xabar hazil bo‘lganini ta’kidlagan edi. Shunga qaramasdan, u 21-aprel kuni ishdan bo‘shatildi. Durov o‘zining ishdan ketganligi haqidagi xabarni matbuotdan bilib olganini aytgan. Shundan so‘ng u mamlakatni tark etgani va ortga qaytmasligini ma’lum qilgan.
Izoh (0)