O‘zbekiston Respublikasining Oliy o‘quv yurtlarida o‘zining yoki 26 yoshga to‘lmagan bolalarining o‘qishi uchun tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim krediti mablag‘lari hisobiga haq to‘lagan jismoniy shaxslarning kreditni qaytarishga yo‘naltirilgan mablag‘lari summasiga soliq chegirmasi qo‘llanilishi 2014-yilda ham saqlanib qolindi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Imtiyozni qo‘llash tartibi Adliya vazirligida 2010-yil 27-mayda 2107-son bilan ro‘yxatga olingan O‘zbekiston Respublikasi oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olish uchun yo‘naltiriladigan mablag‘larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan amalga oshiriladi.
Soliq chegirmasi kreditni to‘lash usuliga bog‘liq holda yashash joyidagi davlat soliq inspeksiyasi orqali jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish yo‘li bilan hamda soliq to‘lovchining yozma arizasiga binoan to‘lov manbaida ish beruvchi tomonidan ham berilishi mumkin (2107-sonli Nizomning 9-bandi). Bunda soliq chegirmasi kredit bo‘yicha asosiy qarz va unga doir foizlarni qoplash uchun yo‘naltirilgan summaga qo‘llaniladi.
To‘lov manbaida imtiyoz olingan ta’lim krediti jismoniy shaxslarning ish haqi va ish beruvchi tomonidan tijorat bankiga o‘tkaziladigan soliq solinadigan boshqa daromadlari hisobiga qaytarish chog‘ida beriladi.
Agar jismoniy shaxs ta’lim kreditini mustaqil ravishda to‘lasa (naqd pul bilan o‘zining banklardagi omonati va boshqa hisob raqamlaridan yoki plastik kartochkadan foydalangan holda), soliq chegirmasi deklaratsiya asosda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish chog‘ida jismoniy shaxsning yashash joyidagi davlat soliq xizmati organlari tomonidan qo‘llaniladi.
Izoh (0)