Dehlidagi klinikalardan birida shifokorlar biznesmen oshqozonidan 12 ta oltin bo‘laklarini chiqarib olgan. 63 yoshli erkak shifoxonaga qornida kuchli og‘riq, qabziyat kabi bezovtaliklar kuzatilgani uchun olib kelingan. Tadbirkor o‘zini yomon his qilganiga xotini bilan janjallashib qolganidan so‘ng shisha idishning qopqog‘ini yutib yuborganini sabab qilib ko‘rsatgan, deb xabar berdi CNN.
Biroq uch soat davom etgan operatsiyada qopqoqdan tashqari vrachlar uning oshqozonidan qimmatroq yuk — har biri 400 grammlik oltin bo‘laklarini ham olishdi. Ser Ganga Rama nomidagi shifoxonaning bosh jarrohi Si Es Ramashandranning so‘zlariga qaraganda, uning amaliyotida avval bunga o‘xshash vaziyat bo‘lmagan. “Bir kuni men bemorning siydik qopidan bir kilogrammlik toshni olganman, ammo oshqozonda oltin bo‘lishi ishonarsiz holatdir”, — deydi u.
The Daily Mirror gazetasining ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiyadan so‘ng politsiya va bojxona xodimlari bemorni so‘roqqa tutgan va topilmani musodara qilgan.
Hindistonda kontrabanda keng tarqalgan holatdir. Hukumat oltin va oltin buyumlari importiga boj to‘lovini oshirgandan so‘ng kontrabanda hajmi rekord darajaga yetdi. Hind noqonuniy oltin bilan savdo qiluvchilar narkokuryerlar uslublarini o‘zlashtirmoqda. Hukumatning oltin olib kirishga qo‘ygan cheklovlaridan qochishga urinib, bojxona tekshiruvidan o‘tish uchun kontrabandachilar oltin quymalarini mashinalarda yashirmoqda va xachirlarning ozuqasiga qo‘shib yedirmoqda.
Izoh (0)