Avstraliya hukumati Malayziyaning yo‘qolgan “Boing”iga tegishli “qora qutilar” qidiruvini yaqin 5—7 kun ichida yakunlashni rejalashtirmoqda. Qidiruvni muvofiqlashtirish markazidagilarning qayd etishicha, bunda gap qidiruv operatsiyasining bir bosqichini yakunlash haqida bormoqda, deya xabar berdi Reuters axborot agentligi.
Hozirgi vaqtda Avstraliya hukumati Hind okeanida yo‘qolgan samolyotni qidirish ishlarini davom ettirmoqda, biroq ushbu harakatlar kutilgan natijalarni taqdim etmasa, harakat parametrlari va metodlari o‘zgartiriladi.
So‘nggi bir necha hafta davomida qidiruv olib borilayotgan hududda samolyot “qora qutisi”nikiga o‘xshash signallar tutildi. Biroq signallar tez orada yo‘qoldi va sonar qurilmalar hech narsani topa olmadi. Hozirgi vaqtda 8-aprel kuni katta ehtimol bilan “qora quti”dan kelgan signal tutilgan joydan 10 kilometr radiusda suvosti qidiruvlari olib borilmoqda.
Avstraliyaliklarning fikricha, qidiruv ishlarini aynan katta chuqurliklarda olib borish kerak. Buning uchun favqulodda vaziyatlarda foydalanishga mo‘ljallangan Bluefin-21 suvosti qurilmasidan foydalaniladi. Avvalroq, qurilma 4,5 kilometrlik chuqurlikka tushganidan so‘ng ishlab ketgan va Bluefin-21’ni suv yuzasiga qayta olib chiqqan avtomatik xavfsizlik tizimi sabab, qidiruv ishlari to‘xtab qolgan edi. Endi esa qurilma rekord darajadagi pastlash – 4695 metrga tushirishga moslab sozlandi, deb xabar berdi “Kun”.
Qutqaruvchilarning ta’kidlashlaricha, ular qidiruv maydonini toraytirib, zamonaviy texnika yordamida yo‘qolgan samolyot parchalarini topishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Malaysia Airlines’ning Kuala-Lumpurdan Pekinga uchib ketayotgan Boeing 777 samolyoti 8-martga o‘tar kechasi radarlardan yo‘qolib qolgan edi. Samolyot bortida 239 yo‘lovchi va 12 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hind okeanida qidiruv operatsiyasi o‘tkazilayotganiga bir oydan oshdi. Unda bir necha mamlakat, xususan, AQSh, Malayziya, Avstraliya va Xitoy ishtirok etmoqda. 24-mart kuni Malaysia Airlines samolyot bortida bo‘lgan barcha yo‘lovchilar halok bo‘lgan deb hisoblanishi haqida rasmiy bayonot bergan edi.
Izoh (0)