Toshkentning “Bunyodkor” jamoasi Osiyo chempionlar ligasining beshinchi turida Saudiya Arabistonining “Al-Fotih” jamoasi bilan bahslashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
“B” guruhidagi mazkur uchrashuvda g‘alaba qozonish har ikki jamoa uchun muhim edi. “Paxtakor” markaziy stadionida bo‘lib o‘tgan bahsning dastlabki daqiqalaridan hujumkor o‘yin namoyish etgan Aleksandr Volkov shogirdlari birinchi bo‘limning 42-daqiqasida hisobni ochdi. Vohid Shodiyev tomonidan oshirilgan to‘pni Oleg Zoteyev raqib darvozasiga aniq joyladi – 1:0.
Ikkinchi bo‘limda ham futbolchilarimiz maydonda faol harakat qildi. Shunga qaramay, uchrashuvning 69-daqiqasida “Al-Fotih” jamoasi a’zosi Doris Salomo, oradan to‘qqiz daqiqa o‘tib Hamdan al Hamdan “Bunyodkor” darvozasiga bittadan to‘p kiritdi. Biroq, faqat g‘alaba uchun maydonga tushgan toshkentlik charm to‘p ustalari 84-daqiqada Vohid Shodiyevning goli evaziga hisobni tenglashtirdi. O‘yin yakunlanishiga besh daqiqa qolganda Alibobo Rahmatullayev “Bunyodkor”ning g‘alaba to‘pini kiritdi – 3:2.
Guruhdagi ikkinchi uchrashuvda Eronning “Fulad Xuziston” jamoasi o‘z maydonida “Al-Jaish”(Qatar)ni 3:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va muddatidan oldin pley-off bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
G‘alabadan so‘ng ochkolar sonini beshtaga yetkazgan “Bunyodkor” jamoasi guruhda hamon uchinchi pog‘onada bormoqda. Musobaqa qoidasiga ko‘ra, dastlabki ikki pog‘onani egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘llanma oladi.
“Bunyodkor” futbolchilari guruhdagi so‘nggi uchrashuvni 23-aprel kuni safarda “Al-Jaish” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Uning natijasiga ko‘ra, pley-off bosqichida kurashni davom ettiradigan ikkinchi jamoa aniqlanadi.
Izoh (0)