O‘zbekistonda Daewoo Gentra / Chevrolet Lacetti avtomobilini chiqarish to‘xtatilishi haqidagi mish-mishlarga javoban, “O‘zavtosanoat” ushbu gap-so‘zlarning asossiz ekanini ta’kidladi. Bu haqda Anhor.uz xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston avtosalonlarida Daewoo Gentra uchun shartnomalar yo‘q. Driver’s Village salonidagilar ham Cobalt va boshqa avtomobillarga shartnomalarning borligi, biroq aynan Gentra uchun ayni paytda yo‘qligini ma’lum qilishgan. Shu va shu kabi vaziyatlar mashinaning boshqa chiqarilmasligi haqidagi shov-shuvni yanada kuchaytirgan.
Biroq “O‘zavtosanoat” matbuot xizmatining nashrga ma’lum qilishicha, bunday gap-so‘zlar haqiqatdan yiroq. “Model yangi, ishlab chiqarish yaqinda yo‘lga qo‘yildi, shuning uchun uni chiqarish to‘xtatilishi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas”, — dedi matbuot kotibi. Shartnomalarning yo‘qligini esa joriy yil uchun oldindan buyurtmalarning barchasi qilib bo‘lingani bilan izohladi.
Eslatib o‘tamiz, Daewoo Gentra 2013-yil noyabrida O‘zbekistonda rasman taqdim etildi. Avtomobil narxlari komplektatsiyaga qarab 40 770 600 so‘mdan 58 727 400 so‘mgacha belgilangan.
Izoh (0)