Kataloniyaning “Barselona” jamoasi Yevropa Chempionlar ligasi chorak finalida Madridning “Atletiko”siga imkoniyatni boy berdi. Toshkent vaqti bilan 10-aprelga o‘tar kechasi Madridda bo‘lib o‘tgan bahsda “Barselona” futbolchilari raqibga 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bu haqda “Kun” xabar berdi.
“Atletiko”ga g‘alaba keltirgan yagona gol uchrashuv boshida – 5-daqiqada Koke tomonidan kiritildi. Barselonadagi “Kamp Nou” stadionida ikki jamoa o‘rtasida o‘tkazilgan o‘zaro birinchi o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan edi.
Shunday qilib, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra, “Atletiko” musobaqa yarim finaliga yo‘l oldi. Qayd etish joiz, jamoa 1974-yildan beri birinchi marta Yevropa Chempionlar Ligasi (Yevropa Chempionlar Kubogini ham qo‘shib hisoblaganda) yarim finaliga yo‘l oldi.
10-aprelga o‘tar kechasi, shuningdek, Myunxenda mahalliy “Bavariya” va Angliyaning “Manchester Yunayted” jamoalari o‘rtasidagi YeChL to‘rtinchi chorak final juftligi javob o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv 3:1 hisobida “Bavariya” futbolchilari g‘alabasi bilan yakuniga yetdi.
“MYu” futbolchilari uchrashuvda birinchi bo‘lib hisobni ochishganiga qaramay (Evra, 57-daqiqa), Manjukich (59-daqiqa), Myuller (68-daqiqa) va Robben (76-daqiqa) tomonidan kiritilgan uchta gol “Bavariya”ni yarim finalga olib chiqdi. Manchesterda o‘tkazilgan dastlabki o‘yinda 1:1 hisobi qayd etilgan edi.
Izoh (0)