Toshkent viloyati Angren shahridagi “Durkent” madaniyat va dam olish markazida jahon, Osiyo chempionatlari va xalqaro turnirlarda yuqori natijalarga erishgan Toshkent viloyati sportchilarini rag‘batlantirishga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Prezident Islom Karimovning 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro (Braziliya)da bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirda mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, sportda muvaffaqiyat qozonayotgan yigit-qizlarimizga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani ta’kidlandi.
– Joriy yil Toshkentda Osiyo chempionati, Janubiy Koreyada yozgi Osiyo o‘yinlari o‘tkaziladi, – deydi 2013-yili Birlashgan Arab Amirliklarida taekvondo WTF bo‘yicha bo‘lib o‘tgan xalqaro turnir g‘olibi, angrenlik Jasur Boyqo‘ziyev. – Niyatim ana shu bellashuvlarda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritish va Braziliyada o‘tadigan olimpiya o‘yinlarida qatnashish huquqiga ega bo‘lish hamda butun dunyo sportchilarining eng nufuzli musobaqasida O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilishdir.
Izoh (0)