2-apreldan 3-aprelga o‘tar tunda Chilida yana yer silkinishi kuzatildi. Bu safar zilzila magnitudasi 7,8 ballga teng bo‘ldi, deya xabar qiladi Reuters axborot agentligi.
Zilzila epimarkazi Ikike shahridan 19 kilometr janubda, 20 kilometr chuqurlikda ekanligi aniqlandi. Zilzila sababli vayrongarchilik yoki insonlar jabrlanishi holatlari haqida hozircha xabar berilmayotir. Seysmologlarning fikricha, bu galgi yerosti silkinishi oqibatida yirik sunami hosil bo‘lishi xavfi yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, 2-aprel kuni ham Chilida zilzila kuzatilgan, sunami xavfi mavjudligi sababli 900 ming kishi evakuatsiya qilingan edi. Keyingi xabarlarga ko‘ra, o‘sha zilzila qurbonlari soni olti nafarga yetgan, shuningdek, bu tabiiy ofat sababli qo‘shni Peruda to‘qqiz kishi jarohatlangan.