Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich xavfsizligiga tahdid tufayli Sombor shahrida yashovchi erkak hibsga olindi. Bu haqda Serbiya ichki ishlar vaziri Ivitsa Dachichga tayanib, Blic xabar berdi.
Qo‘lga olingan shaxsning ismi Dragan Miyatovich, u 48 soatga hibsga olingan. Voqeaning boshqa tafsilotlari, xususan, prezidentga qanday tahdid bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan. Vuchich bir necha bor o‘ziga va oila a’zolariga ijtimoiy tarmoqlarda muntazam tahdid va tajovuz qilishlari haqida gapirgandi. Serbiya politsiyasi prezidentga bir necha bor tahdid qilganlarni hibsga olgan.
Eslatib o‘tamiz, 15-may kuni Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoga suiqasd qilindi. Hukumat rahbariga 71 yoshli muxolifatdagi yozuvchi Yuray Sintula bir necha bor o‘q uzgan. Shundan so‘ng Fitso ko‘krak qafasi va qorin bo‘shlig‘idagi jarohatlar bilan shifoxonaga olib ketilib, operatsiya qilingan. Hozirda bosh vazirning salomatligiga hech qanday xavf yo‘q. Yuray Sintula siyosiy sabablarga ko‘ra suiqasd uyushtirganini ta’kidlagan. U Vazirlar Mahkamasining OAV erkinligini cheklashga qaratilgan harakatlaridan norozilik bildirgan.
Izoh (0)