Tbilisi meri Kaxa Kaladze Gruziya hukumati Amerika sanksiyalaridan qo‘rqmasligini ma’lum qildi. Bu haqda “Rustavi2” xabar berdi.
Avvalroq AQSH Davlat kotibining yordamchisi Jeyms O’Brayen agar “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun hozirgi ko‘rinishda qabul qilinsa, Vashington Gruziya rasmiylariga qarshi sanksiyalar joriy qilishi va yordam dasturlarini qayta ko‘rib chiqishini aytgan edi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar iqtisodiy va harbiy yordam dasturlarini qayta ko‘rib chiqishi, shuningdek, qonun qabul qilinishiga aloqador shaxslarga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy qilishi mumkin. O’Brayen, shuningdek, tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llash qabul qilinmasligini ta’kidlagan hamda Gruziya hukumatini namoyishchilarga qarshi repressiyadan voz kechishga chaqirgan.
Agar biz strategik hamkorlik, do‘stlik haqida gapiradigan bo‘lsak, shantaj va tahdidli suhbatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Men shaxsan o‘z fikrimni va partiyadoshlarimning pozitsiyasini bildiraman, bu sanksiyalardan hech kim qo‘rqmaydi, — deydi Gruziya meri.
Kaladze Gruziya rasmiylariga qarshi sanksiyalar qo‘llanilishi uchun qanday asoslar borligini tushunmasligini aytgan.
Avvalroq Gruziya parlamenti “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunni uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qilgan edi. Qonunni 84 nafar deputat ma’qullagan, 30 nafari esa qarshi chiqqan. Endi qonunni avvalroq unga veto qo‘yishga va’da bergan Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili imzolashi kerak.
Shuningdek, YI diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel va Yevropa komissari Oliver Varxeli ushbu qonunning qabul qilinishi Gruziyaning YIga qo‘shilish yo‘lidagi taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.
Izoh (0)