Yangi Zelandiya hukumati Rossiyaning Ukrainaga hujumida harbiy-strategik yordam ko‘rsatayotgan 28 nafar jismoniy va 14 nafar yuridik shaxsga nisbatan qo‘shimcha sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Rossiya o‘zining harbiy sanoat kompleksi ko‘magi bilan Ukrainaga qarshi noqonuniy tajovuzni amalga oshirmoqda, uning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdid qilmoqda, — deyiladi bayonotda.
Yangi Zelandiya TIV xabariga ko‘ra, KXDRdan Rossiyaga qurol-yarog‘ o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi shaxslar va kompaniyalar, shuningdek, Moskvaga harbiy yordam ko‘rsatishda ishtirok etgan Eron subyektlariga nisbatan cheklovlar joriy etilgan.
Sanksiyalar, shuningdek, ukrainalik bolalarni Rossiyaga va Ukrainaning bosib olingan hududlariga majburan ko‘chirishda yordam beruvchilarga ham qaratilgan.
Ukrainalik bolalarning deportatsiyasiga ko‘maklashishda davom etish orqali Rossiya Ukrainaga bostirib kirish, jumladan, Ukrainaning o‘ziga xosligiga putur yetkazish bo‘yicha o‘z maqsadlariga erishmoqchi, — deydi Yangi Zelandiya TIV rahbari Uinston Peters.
Rossiya—Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng, Yangi Zelandiya 1700 dan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan sanksiyalar, shuningdek, bir qator savdo cheklovlarini joriy etgan.
Izoh (0)