Toshkentda ayolni himoya qilishga uringan erkak kaltakdan so‘ng komaga tushgandi. Uni do‘pposlagan erkak Qozog‘istonda ushlandi.

Poytaxt IIBB matbuot xizmatining ma’lum qilshicha, Yakkasaroy tumanida sodir etilgan jinoyat bo‘yicha olib borilgan tergov harakatlari davomida 1995-yilda tug‘ilgan Akmal Shukurov tergovdan qochib yashiringani sababli unga nisbatan sirtdan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) va 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan ayb e’lon qilinib qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida u Qozog‘istonda ushlandi. Hozirda uni Toshkent shahriga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.
Voqea 16-mart tungi soat 02:30 larda Yakkasaroy tumanida joylashgan restoranlardan biri oldida sodir bo‘lgandi. Holat aks etagan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Unda erkak bir ayol bilan janjallashayotgani, uni himoya qilishga uringan erkak bir necha mushtdan so‘ng hushidan ketganini ko‘rish mumkin. Tajovuzkor erkak yana bir shaxsga va janjallashayotgan ayolga ham tashlanib, ularni kaltaklagan.
Tarmoqlarda aytilishicha, hushidan ketgan erkakda 5 soatlik jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgach, shifokorlar uni sun’iy komaga tushirdi. Uning hayoti xavf ostida qolmoqda. Ikki nafar bolasi bor erkak vafot etishi yoki bir umr nogiron bo‘lib qolishi mumkin.
Izoh (0)