Qatar poytaxti Doha shahrida qiyin ahvolda qolgan O‘zbekiston fuqarosi oilasi bag‘riga qaytdi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar berdi.

2024-yil may oyida Qatarga ishlash maqsadida borgan X.N. ish beruvchining yolg‘onlardan iborat arizasi asosida Qatar qonunchiligining bir necha moddalarini buzganlikda aybdor deb topilgani va hibsga olingani bois amaliy yordam so‘rab elchixonaga murojaat qilgan.
Maʼlum bo‘lishicha, u 2024-yilda Doha shahriga go‘zallik salonida ishlash maqsadida kelgan. Avgust oyida fuqaro ish beruvchining turli sabablarni ro‘kach qilib, go‘zallik saloni hududini tark etish talabidan keyin vaqtincha yashash uchun mehmonxonaga joylashadi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay mahalliy politsiya xodimlari fuqaroni qochoq va o‘g‘rilikda gumon qilib qo‘lga oladi.
Qiyin vaziyatda qolgan fuqaroning haq-huquqlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekiston diplomatlari tomonidan unga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatildi, vaqtincha turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlandi.
Surishtiruvlar davomida O‘zbekiston fuqarosiga ish beruvchi tomonidan tuhmat qilingani, kafil ruxsatisiz qochgani va o‘g‘irlikni sodir etgani sababli 1 yillik jazo muddatini o‘tamaguncha Qatar hududini tark eta olmasligi maʼlum bo‘ldi.
Qatar huquqni muhofaza qiluvchi va tegishli organlari bilan olib borilgan muzokaralar va sud eshituvlari jarayonlarida diplomatlar ishtiroki taʼminlandi. 8 oy davomida olib borilgan saʼy-harakatlar natijasida 1 yil muddatga jazoni ijro etishga hukm qilingan X.N. sud zalidan aybsiz deb topilib ozod qilindi. Shuningdek, unga Qatar hududini tark etish bo‘yicha qo‘yilgan barcha taqiqlar olib tashlandi.
5-mart kuni u Doha—Toshkent yo‘nalishidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri havo qatnovi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.
Xorijdan O‘zbekistonga qaytarilayotgan shaxslar
2024-yil avgust-sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgandi. Oktyabr oyida Rossiyada qarovsiz qolgan 8 oylik chaqaloq O‘zbekistonga, ota-onasi bag‘riga qaytarildi. Moskvadagi voyaga yetmagan huquqbuzarlarni vaqtincha saqlash markazidan 4 nafar bola O‘zbekistonga olib kelindi.
O‘sha oyda Turkiyada ota-onasining qarovisiz qolib ketgan uch nafar voyaga yetmagan bola O‘zbekistonga qaytarildi. Noyabrda Dubayni tark etish taqiqlangan o‘zbekistonlik bolaga vatanga qaytishiga yordam berildi. Dekabrda Rossiyada ota-ona qaramog‘isiz qolgan 15 nafar bola O‘zbekistonga qaytarildi.
Shuningdek, Rossiyaning Tiva Respublikasi Oq Dovurak shahrida vaqtincha ishlayotgan va hujjatlarini yo‘qotgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgandi.
2025-yilning fevral oyi oxirida Rossiyada ikki bolasi bilan qiyin vaziyatda qolgan ayol O‘zbekistonga qaytarilgandi.
Avvalroq Rossiyaning Vladivostok shahrida og‘ir tan jarohati olgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)