Navoiy viloyati Karmana tumanida 14 yoshli o‘quvchi qiz o‘zini osib vafot etdi. Bosh prokuratura holat yuzasidan “Daryo”ga ma’lumot berdi.

Unga ko‘ra, holat 2025-yil 28-fevral kuni soat 10:30 larda Karmana tumani, “Yangihayot” MFY, Al-Buxoriy ko‘chasi, 50-uyda sodir bo‘lgan. 2010-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan I.J. yashash xonadonining xo‘jalik binosida arqon bilan o‘zini o‘zi osib, joniga qasd qilgan va voqea joyida vafot etgan.
Uning o‘lim sababi dastlabki tekshiruv natijasiga ko‘ra, mexanik asfiksiyadan kelib chiqqani aniqlangan.
Hozirda ushbu hodisa bo‘yicha Karmana tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Samarqand shahrida 19 yoshli qiz o‘zini 9-qavatdan tashlab joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. Hozirda marhumaning barcha oila a’zolari tergovga jalb qilingan. Onasi marhuma bir qo‘ng‘iroqdan so‘ng birdaniga o‘zini tashlab yuborganini bildirgan.
Shuningdek, 2025-yil yanvarida Qo‘qondagi talabalar turar joyida talaba qiz o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgan edi. Prokuratura surishtiruv natijalariga ko‘ra, mazkur holat shaxsiy muammolar sababli sodir bo‘lgani aniqlangan va jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad etilgan.
Kuni kecha esa Toshkentdagi xonadonlardan birida fuqaro oshxonada gaz plitasini yoqish orqali o‘z joniga qasd qilishga uringan. Natijada gaz havo aralashmasi chaqnashi sodir bo‘lib yong‘in kelib chiqqandan so‘ng ushbu fuqaro 9-qavatdan o‘zini tashlash orqali halok bo‘lgani aniqlangan.
Izoh (0)