AQSH bir kilogrammli oltin quymalar importiga boj joriy etdi. Natijada oltin narxi tarixdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Jahon bozorida spot-oltin bir unsiya uchun 3 394,36 dollar darajasiga yetdi. Bu 23-iyuldan beri eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Hafta boshidan beri oltin narxi qariyb 1 foizga oshgan. Dekabrda yetkazib beriladigan oltin fyucherslari esa 2,32 foizga ko‘tarilib, 3 534,10 dollar bilan rekord darajani qayd etdi. Avvalgi rekord 22-aprel oyida qayd etilib, 3509,9 dollar bo‘lgan. Bojlar haqidagi xabar ortidan Nyu York fyucherslari va spot narxlari o‘rtasidagi farq 100 dollardan oshdi.
Oltin quymalariga qo‘yilgan bojlar yirik banklar o‘rtasidagi hisob-kitoblarda muammolar keltirib chiqarmoqda, bu esa ertalabdan boshlab likvid narxlarga ta’sir qildi, dedi Singapurdagi GoldSilver Central kompaniyasi boshqaruv direktori Brayan Lan.
Tramp tomonidan joriy etilgan yangi bojlar 8-avgustdan kuchga kirgan bo‘lib, Shveysariya, Braziliya va Hindiston kabi yirik savdo hamkorlarini muqobil savdo yo‘llarini izlashga majbur qildi.
Oltin odatda siyosiy va moliyaviy beqarorlik davrlarida eng xavfsiz aktiv sifatida ko‘riladi. Shu bilan birga, kumushning spot narxi 0,4 foizga pasayib, bir unsiya uchun 38,15 dollarga tushgan. Platina 0,1 foizga kamayib, 1 332,59 dollar bo‘lgan; palladiy esa 0,2 foizga arzonlashib, 1 148,77 dollarni tashkil etgan.
Izoh (0)