O‘zbekistonda har yili avgust oyining ikkinchi yakshanbasi Qurilish sohasi xodimlari kuni sifatida nishonlanadi. Bugun, 9-avgust kuni prezident quruvchilarni kasb bayrami bilan tabrikladi.

Tabrikda soha rivojiga oid bir qator faktlar keltirildi. Maʼlum qilinishicha, 2016-yilda mamlakatda qurilish ishlari hajmi 30 trillion so‘m bo‘lgan. 2024-yilda bu ko‘rsatkich 234 trillion so‘mga yetgan.
O‘tgan yili O‘zbekistonda 40,5 million kvadrat metr bino va inshoot qurildi, joriy yilda bu raqam 45 million kvadrat metrdan oshishi kutilmoqda.
2024-yilda 100 mingdan ortiq xonadonga ega 2 044 ta ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan uy-joy maydoni esa 2020-yildagi 16 kvadrat metrdan 19 kvadrat metrga yetdi.
Hozirda 56 ta hududdagi “Yangi O‘zbekiston” massivlarida qurilish ishlari davom etmoqda.
Joriy yilda 135 ming xonadon topshirilishi rejalashtirilgan. 2030-yilgacha massivlar soni 100 taga yetkazilib, jami 250 ming xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Yangi Toshkent” loyihasi doirasida 20 ming gektar maydonda 2 million aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilmoqda. Birinchi bosqichda Milliy kutubxona, Yangi O‘zbekiston universiteti, Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va muzeyi, ixtisoslashtirilgan maktab, maqom markazi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti qurilmoqda.
Prezident qurilish jarayonlarining barcha bosqichlarida jamoatchilik fikri va nazoratini taʼminlash muhimligini taʼkidlagan.
Davlat rahbari barcha quruvchilarni kasb bayrami bilan qutlab, yangi yutuq va omadlar tilagan.
Izoh (0)