O‘zbekistonda mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari xodimlarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etiladi. Bu bo‘yicha prezident farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hamda tuman (shahar) hokimliklari boshqaruv xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yangi tizimi joriy etiladi.
Bunda xodimlarning lavozim maoshi yagona tamoyil asosida mehnatga haq to‘lashning yangilangan tarif setkasi hamda ko‘p yillik xizmati va lavozimini inobatga olgan holda tabaqalashgan tarif koeffitsiyentlari asosida shakllantiriladi.
Rag‘batlantirish to‘lovlari boshqaruv xodimlari tomonidan erishilgan eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama, malaka (martaba) darajalari uchun va hisobot davri yakunlari bo‘yicha rag‘batlantirish (bonus) to‘lovlari shaklida to‘lanadi.
Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlarining mehnatiga haq to‘lash faqat mazkur farmonda belgilangan shartlarda amalga oshirilib, hujjatda ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha ustamalar, mukofotlar va boshqa to‘lovlar to‘lash taqiqlanadi.
2025-yil 1-avgustdan hokimliklarda mehnatga haq to‘lash jamg‘armasi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- lavozim maoshi;
- eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishganligi uchun lavozim maoshiga har oylik ustamalar;
- malaka (martaba) darajalari uchun to‘lovlar;
- mukofotlash hamda bonus to‘lovlari.
Joriy yil iyun oyida o‘tkazilgan prezident ishtirokidagi yig‘ilishda 1-avgustdan ishchan va jozibador muhit yaratish uchun barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshirilishi aytilgandi. O‘shanda xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus berilishi bildirilgan.
“Lekin qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi. Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan g‘alvirni suvdan ko‘tarib, kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman”, degan Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda prezident hokim, vazirlar topshiriq kutmasdan, o‘zi tashabbus ko‘rsatib ishlashga o‘tishi shartligini ham taʼkidlagan.
Izoh (0)