Rossiya prezidenti Vladimir Putin 15-avgust kuni AQSH rahbari Donald Tramp bilan Alyaskada uchrashadi. Prezidentlar muzokarasi arafasida Rossiya armiyasi Donetsk viloyatini to‘liq nazoratga olish rejasi doirasida Dobropolye shahriga chuqurroq kirib bordi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Kremlning sobiq maslahatchisi Sergey Markov harbiy siljishlar muzokaralarda Rossiyaga ustunlik berishini aytdi, bu Ukraina tomonidan hududiy yon bosishga olib kelishiga ishonmoqda.
Bu g‘alaba Putin va Tramp uchun muzokaralarda sovg‘a bo‘ldi, dedi Sergey Markov.
Tramp avvalroq har qanday tinchlik kelishuvi “ayrim hududlarni almashish”ni o‘z ichiga olishini aytgandi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bunga qat’iy qarshi chiqib, Rossiya “faqat oldinga siljimaslik, ammo egallangan hududlardan chiqmaslik”ni taklif qilayotganini aytgan. U hudud almashish masalasi muzokaralar kun tartibida yo‘qligini ta’kidlagan.
Oq uyga ko‘ra, ikki tomonlama uchrashuv Putin tashabbusi bilan bo‘lib o‘tadi. Shu sababli unga Zelenskiy taklif etilmagan. Tramp esa “urushni qanday tugatish mumkinligi” haqida yaxshiroq tushuncha hosil qilish uchun uchrashishga rozi bo‘lgan. Shuningdek, AQSH prezidenti uch tomonlama formatga ham tayyor ekani aytilmoqda.
Tramp–Putin muzokaralari
15-avgust kuni Alyaskada o‘tkaziladigan muzokaralarda Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini to‘xtatish muhokama qilinadi. Yevropa siyosatchilari uchrashuvga chaqirilmagani bois norozilik bildirgan. Xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina kelajagini ukrainlar va Yevropasiz hal qilib bo‘lmasligini aytgan.
Bugun esa Britaniya rasmiylari Yevropa ittifoqi yetakchilarini Tramp–Putin uchrashuvi bo‘yicha “foydasiz izohlar”dan tiyilishga chaqirdi. Ularning fikricha, Trampga nisbatan ochiq talablar teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Uchrashuv kuni Alyaskaning Ankorij shahri ustidagi havo bo‘shlig‘i yopiladi. Putinni Rossiya xavfsizlik kuchlari va AQSH Maxfiy xizmati birgalikda qo‘riqlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, siyosiy kelishmovchiliklar prezidentlar tashriflari chog‘idagi xavfsizlik protokollariga ta’sir qilmaydi.
Izoh (0)